Partiya hayoti

Ishonch va muloqot uyg‘unligi

Blog Image
Email : 26 0

O‘tgan haftada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xususan, partiyamiz fraksiyasi a’zolari hududlarga chiqib, saylovchilar bilan ochiq va jonli muloqotlar o‘tkazdi. Uchrashuvlar davomida fuqarolarning murojaatlari, taklif va tashabbuslari bevosita o‘rganilib, aholini kundalik hayotda qiynayotgan muammolarga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqotlar jarayonida Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi, parlament nazorati va tahlil faoliyati, qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati hamda ularning aholi hayotidagi ahamiyati haqida keng ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, kundalik hayotda duch kelayotgan huquqiy masalalar bo‘yicha zarur tushuntirish va amaliy maslahatlar berish ham nazardan chetda qolmadi.

Dashtobodda ijtimoiy soha ob’yektlari o‘rganildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Muqaddas O‘razaliyeva Jizzax viloyati Zomin tumani Dashtobod shaharchasidagi 11-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining moddiy-texnika bazasi va tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, mazkur hududda joylashgan sport majmuasiga shtat birliklari ajratilishi bo‘yicha murojaatni joyiga chiqqan holda o‘rgandi.

O‘rganishlar davomida maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining mavjud holatini yaxshilash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va tarbiyalanuvchilar uchun yanada qulaylik yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lum bo‘lishicha, shaharchada 2024 yilda ixtisoslashtirilgan taekvondo WT markazi sifatida tashkil etilgan sport majmuasida bolalar uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lsa-da, uni to‘liq quvvatda ishlatish uchun zarur shtat birliklari yetishmagan. Bu esa o‘z navbatida mashg‘ulotlarni sifatli tashkil etish va majmua imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilayotgan edi.

Mazkur masala deputatimiz tomonidan nazoratga olinib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda muhokama qilindi. Natijada sport majmuasining to‘laqonli faoliyatini ta’minlash uchun 7 ta shtat birligi ajratilishiga erishildi.

– Har bir murojaat ortida saylovchini o‘ylantirayotgan muammo va natijadan umidvorlik bor, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Muqaddas O‘razaliyeva. – Shuning uchun deputat sifatida murojaatni eshitishning o‘zi yetarli emas, uning yechimigacha borish kerak. Bu masalada tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ish olib bordik. 7 ta shtat birligining ajratilishi sport majmuasining to‘liq ishlashi uchun muhim qadam bo‘ldi. Eng quvonarlisi, bu qarordan 200 nafardan ortiq bola manfaat ko‘radi. Bolalarning sport bilan shug‘ullanishi, o‘z iste’dodini rivojlantirishi uchun qanday imkoniyat bo‘lmasin, undan samarali foydalanishimiz kerak.

Navbatdagi manzil – Ko‘kdala

Hududdagi haqiqiy holatni bilish uchun mutasaddilardan olingan raqamlar va hisobotning o‘zi yetarli emas. Buning uchun odamlar bilan uchrashish, ularning dardini eshitish, muammoni joyiga borib ko‘rish kerak. Chunki xalqni o‘ylantirayotgan masalalarning asl mohiyati joyida aniq va yaqqol ko‘rinadi.

Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Sharofiddin Nazarov Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida bo‘ldi. Deputat bu yerdagi tug‘uruq majmuasi va 1-sonli texnikumda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Tuman IT-park markazida esa yoshlar bilan ochiq muloqot qilib, ularning fikr va takliflarini tingladi.

Uchrashuvlarda partiya fraksiyasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan hamda qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, qonun ustuvorligini ta’minlash va jamiyatda jazo muqarrarligi tamoyilini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Deputatning hududga tashrifi faqat uchrashuvlar bilan cheklanib qolmadi. 1-sonli texnikumda yangi o‘quv ustaxonasining qurilish jarayoni ham joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Mas’ullar bilan ob’yektning belgilangan loyiha asosida, sifatli va o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishi yuzasidan fikr almashildi.

Deputat ta’kidlaganidek, ajratilayotgan mablag‘ning har bir so‘mi, qurilayotgan har bir ob’yekt oxir-oqibat insonga xizmat qilishi kerak. Shu nuqtai nazardan, bunday ob’yektlar ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish natijaning sifatli va samarali bo‘lishini ta’minlaydigan muhim omildir.

Aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, ob’yektdagi qurilish ishlarini belgilangan muddatda va sifatli yakunlash bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. Eng muhimi, ishlar faqat qog‘ozda emas, amalda natija berishi, yaratilgan sharoitlar saylovchilar va yoshlar manfaatiga xizmat qilishi uchun mazkur yo‘nalishdagi ishlar deputatlik nazorati ostida izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Oltiariqda bandlik va inklyuziv ta’lim masalalari tahlil qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shokirjon Ahmedov mahalliy Kengash deputatlari bilan birgalikda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida bo‘lib, barqaror ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tashkil etilgan shtab faoliyatini o‘rgandi.

O‘rganish jarayonida “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar va ishsiz fuqarolar bilan manzilli ishlash, ularni daromadli mehnatga jalb etish hamda oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar ijrosi muhokama qilindi.

Xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ajratilayotgan kredit, subsidiya va boshqa moliyaviy ko‘maklar hisobiga qancha fuqaro doimiy daromad manbaiga ega bo‘layotgani, yaratilgan ish o‘rinlarining barqarorligi va amalga oshirilayotgan loyihalarning amaliy samarasi tahlil qilindi. Chunki berilgan kredit yoki ajratilgan mablag‘ning o‘zi natija emas. Asosiy natija — insonning doimiy daromadga ega bo‘lishi, oilaning iqtisodiy ahvoli yaxshilanishi va odam o‘z mehnati bilan munosib hayot kechirish imkoniyatidir.

Tuman mahallalari kesimida “mahalla yettiligi” tomonidan ehtiyojmand oilalar bilan ishlash, mehnat migratsiyasidagi fuqarolar oilalarining holati, ishsiz aholini daromadli mehnatga jalb etish hamda mikro loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada har bir oilaning holatidan kelib chiqib yondashish, mavjud imkoniyatlarni ishga solish va boshlangan ishlarni yakuniga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati tomonidan tumandagi 1-sonli umumta’lim maktabida inklyuziv ta’limni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar ham o‘rganildi. Alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalarning sifatli bilim olishi, maktab binosida erkin harakatlanishi va zarur sharoitlardan foydalanishi masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Maktabda pandus yo‘laklari barpo etilgani, alohida sinf xonasi va gigiyena xonasi tashkil etilgani, shuningdek, inklyuziv ta’lim uchun zarur maxsus jihozlar bilan ta’minlangani qayd etildi.

– Bunday sharoitlarning ahamiyatini faqat qurilgan ob’yekt yoki o‘rnatilgan jihoz bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Gap, avvalo, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolaning maktabga bemalol kelishi, tengdoshlari bilan birga ta’lim olishi, o‘zini jamiyatdan chetda emas, balki uning to‘laqonli bir qismi sifatida his qilishi haqida ketmoqda. Bu esa bolaning nafaqat bugungi ta’limi, balki uning ertangi hayoti uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Inklyuziv ta’limda asosiy e’tibor bolaning qobiliyatini rivojlantirish va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilishi kerak. Maktabda yaratilgan har bir qulaylik, har bir maxsus jihoz va sharoit bolaga bilim olish, o‘z iste’dodini namoyon etish va kelajakda mustaqil hayotga tayyorlanish imkonini bersa, ana shunda ularning haqiqiy samarasi namoyon bo‘ladi, – deydi deputat.
***
Partiyamiz fraksiyasi a’zolari bo‘lgan boshqa deputatlar ham hududlarda saylovchilar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni joyida o‘rgandi. Bildirilgan taklif va murojaatlarning har biri deputatlar tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda yechimini topish va ijrosini nazorat qilish uchun e’tiborga olindi.

Odamlar bilan uchrashuvlarning eng muhim natijasi — ko‘tarilgan masalalar ro‘yxati emas, ularning ortidagi insonni ko‘ra bilishdir. Kimgadir ish kerak, kimgadir o‘z biznesini boshlash uchun imkoniyat, yana kimgadir farzandi uchun munosib ta’lim sharoiti — talablar turlicha, ammo maqsad bitta: munosib hayot kechirish.

Deputatlik faoliyati ham aynan shu nuqtada ma’no-mazmun kasb etadi.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.