Siyosatda eng og‘ir mas’uliyat — va’da berish emas, berilgan va’daning ortidan borishdir. Shu bois saylovoldi dasturi qog‘ozga bitilgan maqsadlar majmui bo‘lib qolmasdan, vaqt o‘tishi bilan jamiyat hayotida o‘zining amaliy ifodasini topishi kerak.
Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 2025–2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturiga ana shu nuqtai nazardan qarash uchun asos bor. Dasturda ilgari surilgan qator tashabbuslar mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan uyg‘unlashib, qonunlar, qarorlar va yangi davlat mexanizmlarida o‘z aksini topmoqda.
Dastlabki ikki yildayoq Saylovoldi dasturida belgilangan ayrim vazifalarning huquqiy asosi yaratildi, ba’zilari amaliyotga kirdi, yana bir qismi esa bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
IJTIMOIY HIMOYA MANZILLI YORDAMDAN BOSHLANADI
Xalq demokratik partiyasi dasturining muhim yo‘nalishlaridan biri — ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirish, ehtiyojmand aholi qatlamlarini aniq belgilash va ularga ko‘rsatilayotgan yordamning manzilliligini ta’minlashdir.
Keyingi yillarda bu borada yangi yondashuv shakllanmoqda. Unga ko‘ra, ijtimoiy yordam umumiy mezon asosid a emas, oilaning real ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib belgilanishiga tobora ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.
2026 yil 1 fevraldan “Ijtimoiy reyestr”ni yuritish tartibining o‘zgarishi bu jarayondagi muhim qadam bo‘ldi. Unda oilalarning ijtimoiy holati baholanib, davlat ta’minotidagi, kambag‘al va kambag‘allik chegarasidagi oilalar alohida toifalar sifatida shakllantirilmoqda. Bu esa ijtimoiy xizmat va yordamni muayyan oilaning ehtiyojiga moslashtirish imkonini kengaytiradi.
Ijtimoiy siyosatda aniq mezonning bo‘lishi prinsipial ahamiyatga ega. Chunki kimga, qachon va qanday yordam kerakligini aniq bilmasdan turib, haqiqiy manzilli ijtimoiy himoyani ta’minlash qiyin.
Bu yondashuv partiya dasturida ilgari surilgan “ijtimoiy diagnostika” g‘oyasiga mazmunan uyg‘un mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ijtimoiy yordam ko‘rsatish jarayonlarining raqamlashtirilayotgani ham juda muhim. Oilalar holatini elektron ba holash, ma’lumotlarni idoralararo almashish, ayrim hollarda qo‘shimcha ariza talab qilmasdan to‘lovlarni davom ettirish, fuqaroni reyestrga kiritish yoki undan chiqarish natijasi haqida SMS orqali xabar berish kabi mexanizmlar inson omilini kamaytirish va xizmatlarni soddalashtirishda muhim omil bo‘layotir.
Dasturda alohida urg‘u berilgan minimal iste’mol xarajatlari masalasi ham amaliyotda mustahkamlanmoqda.
2026 yil uchun bir kishi hisobiga oylik minimal iste’mol xarajatlari 715 ming so‘m etib belgilandi. Ushbu ko‘rsatkich kambag‘allik chegarasini, ehtiyojmand aholi guruhlarini aniqlash, ijtimoiy yordam va nafaqalarni belgilashda mezon sifatida qo‘llanilmoqda.
Demak, partiyaning Saylovoldi dasturida ilgari surilgan “aholining real ehtiyojini aniqlash va shunga qarab ijtimoiy yordam ko‘rsatish” g‘oyasi tobora aniq institusional mexanizmga aylanmoqda.
TENG HUQUQ VA IMKONIYATLARNI KENGAYTIRISH YO‘LIDA
Ijtimoiy davlat tushunchasini faqat moddiy yordam yoki imtiyozlar bilan cheklab bo‘lmaydi. Insonning ta’lim olishi, tibbiy xizmatdan foydalanishi, munosib mehnat qilishi va jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlar yaratilishi ham ijtimoiy davlatning muhim belgisidir.
Shu nuqtai nazardan, Xalq demokratik partiyasi dasturida nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarning oilalari uchun munosib sharoit yaratish, to‘siqsiz muhitni shakllantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Bugun bu g‘oyalar ham amaliy islohotlarda o‘z ifodasini topmoqda.
Xususan, “Muruvvat” uylarini bosqichma-bosqich “Gʻamxo‘rlik” markazlariga transformatsiya qilish, erta aralashuv, kunduzgi qatnov, uyda parvarishlash, “Madad” uylari hamda “Ijtimoiy ta’til” kabi yangi xizmatlarni joriy etishga kirishildi. Parvarish bilan band bo‘lgan qonuniy vakillarga har oylik nafaqa to‘lanayotgani esa bunday oilalar uchun muhim moliyaviy va ijtimoiy ko‘mak bo‘lmoqda.
Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni inklyuziv ta’limga jalb etish ishlari ham takomillashtirilmoqda. 2025 yilda qabul qilingan qarorlar bilan inklyuziv sinflarda ta’lim olayotgan bolalar uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etish, maxsus pedagoglar va assistent-o‘qituvchilar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, pedagoglarni rag‘batlantirish mexanizmlari yanada aniqlashtirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil dekabrda qabul qilingan 818-son qarori bilan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga sifatli ta’lim berish, ularni jamiyatga integratsiya qilish va individual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralar belgilandi. Jumladan, inklyuziv sinflarda ta’lim olayotgan nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun qo‘shimcha fan, kasb va korreksion mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutildi.
Shuningdek, 2026 yilda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularni oila muhitida tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan qonun qabul qilindi.
Bularning barchasi ijtimoiy himoya tizimi moddiy yordam bilan cheklanib qolmasdan, insonning hayot sharoiti, huquqlari va kelajagini qamrab oluvchi kompleks yondashuvga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, jamoat joylari, jamoat transporti va shahar infratuzilmasida to‘siqsiz muhit yaratilishi ustidan nazoratni kuchaytirish masalasi ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.
ILM-FAN VA INTELLEKTUAL SALOHIYAT
Bugun dunyoda davlatlarning raqobatbardoshligi nafaqat tabiiy boyliklar, balki ilm-fan, texnologiya va intellektual salohiyat bilan ham belgilanmoqda. Shu ma’noda, ilmga yaratilgan har bir imkoniyat — kelajakka kiritilgan investisiyadir.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z Saylovoldi dasturida ilmiy tadqiqotchilarni ortiqcha byurokratik to‘siqlardan xalos etish, oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini takomillashtirish va ilmiy kadrlar tayyorlash jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish vazifasini ilgari surgan edi.
Bugun bu dasturiy g‘oyalar amaliy mazmun kasb etmoqda. 2026 yil may oyida qabul qilingan Prezident farmoni bilan ilmiy kadrlarni tayyorlash va attestatsiya qilish tizimida tub o‘zgarishlar belgilandi.
2027 yildan boshlab avtoreferat chop etish kabi ortiqcha talablar bekor qilinishi, “amaliyotga joriy etildi” kabi ma’lumotnoma va dalolatnomalarni yig‘ish bilan bog‘liq byurokratik jarayonlarni qisqartirish, ilmiy ishni taqdim etishdan himoyagacha bo‘lgan jarayonlarni yagona elektron tizimga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ilmiy daraja diplomini Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali olish imkoniyati yaratiladi. Ilmiy kengashlar reytingi ochiq e’lon qilinib, yagona onlayn reyestr shakllantiriladi.
Bu o‘zgarishlarning ahamiyati shundaki, olimning vaqti qog‘ozbozlikka emas, ilmiy izlanishga sarflanishi uchun sharoit yaratiladi. Tadqiqotchining faoliyati ortiqcha ma’lumotnomalar soni bilan emas, uning ilmiy natijasi va jamiyatga qo‘shayotgan hissasi bilan baholanishi uchun zamin yaratadi.
Bu — partiya dasturida ilgari surilgan g‘oyalarning hayotdagi amaliy ifodasidir.
INSON FAROVONLIGINI KAFOLATLASH MEXANIZMLARI
Inson farovonligi haqida gap ketganda, uning boshpanasi, kommunal sharoiti, toza suvi va tibbiy xizmatidan tortib, mulkiy manfaatlarigacha bo‘lgan masalalarni qamrab olish zarur.
Xalq demokratik partiyasi dasturida ham ana shu hayotiy ehtiyojlarga alohida o‘rin berilgan.
Uy-joy sohasida fuqarolarning qurilishga kiritgan mablag‘larini himoya qilishga qaratilgan “eskrou” mexanizmining joriy etilishi shu jihatdan muhim ahamiyatga ega.
2026 yil 1 yanvardan qurilishga ulushdorlar mablag‘larini jalb qilish faqat “eskrou” hisobvaraqlari orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Mazkur tizimning mohiyati oddiy: uy-joy uchun mablag‘ to‘layotgan fuqaroning puli qurilish jarayonida himoyalangan bo‘lishi kerak. Bu esa uy-joy xaridori va qurilish tashkiloti o‘rtasidagi munosabatlarda fuqaro manfaatlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan partiya tashabbuslaridan biri — Suv kodeksini qabul qilish masalasi ham o‘zining amaliy ifodasini topdi.
2025 yil 30 iyulda O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi tasdiqlanib, 31 oktyabrdan kuchga kirdi.
Tibbiyot sohasida esa aholi uchun kafolatlangan tibbiy yordam hajmini aniqlashtirish, elektron tizimlarni kengaytirish va dori vositalari narxini nazorat qilishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
TALABA TASHVISHI, MIGRANT MUAMMOSI — BU HAM DOLZARB
Bugun ijtimoiy siyosatning yangi manzillari paydo bo‘lmoqda. Shulardan biri — talabalarning turar joyi va ijara masalasidir.
Talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘paytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash kabi mexanizmlar shu nuqtai nazardan muhim ahamiyat kasb etadi.
Asosiy mezon talabaning oilaviy iqtisodiy imkoniyati uning bilim olish huquqiga to‘siq bo‘lmasligi kerak. Mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq o‘zgarishlar ham ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025 yil 22 aprelda qabul qilingan 252-son qaror bilan xorijda mehnat qilayotgan va mehnat qilish uchun ketayotgan fuqarolarga subsidiya, kompensatsiya, mikrokredit va ta’lim kreditlari ajratish tartibi belgilandi.
Bu yondashuv mehnat migratsiyasini shunchaki “xorijga chiqib ishlash” masalasi sifatida emas, insonning mehnat huquqlari, kasbiy tayyorgarligi, xavfsizligi va ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq kompleks jarayon sifatida ko‘rishga imkon beradi.
HAR BIR GʻOYANING O‘Z O‘RNI BOR
Dastur ijrosi haqida so‘z yuritganda, uni qonunlar va qarorlar ro‘yxati bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Chunki har birdasturiy taklif ortida muayyan inson, muayyan oila va muayyan hayotiy muammo turibdi.
Masalan, Ijtimoiy reyestr ortida — davlat yordamiga muhtoj oila bo‘lsa, inklyuziv ta’lim va «Gʻamxo‘rlik» markazlari ortida — teng imkoniyat va munosib sharoitga muhtoj bola hamda uning oilasi taqdiri yotibdi.
Ilm-fandagi islohotlar ortida — ortiqcha byurokratik to‘siqlardan xalos bo‘lib, yangi ilmiy natija yaratishni istagan olim va tadqiqotchi manfaati mujassam bo‘lsa, talabalar turar joyi ortida oilasidan uzoqda ta’lim olayotgan yoshlar tashvishini ko‘ramiz.
«Eskrou» masalasi ortida — uy-joyli bo‘lish uchun yillar davomida mablag‘ to‘plagan fuqaroning manfaati turgan bo‘lsa, mehnat migratsiyasi ortida esa oilasi farovonligi uchun xorijda mehnat qilayotgan inson va uning yaqinlari taqdiri bor.
Shuning uchun dastur ijrosining asosiy mezonini “Nechta band bajarildi?” degan savoldan izlash to‘g‘ri emas.
Biz uchun asosiy mezon amalga oshirilgan o‘zgarish inson hayotini qay darajada yengillashtirdi, uning huquq va imkoniyatlarini qay darajada kengaytirdi, degan tamoyilga qaratilgan.
ENDIGI MASALA — EZGU O‘ZGARISHLARNI HUDUDLARGA YETKAZISH
Besh yillik dastur ijrosining dastlabki davrida ko‘plab dasturiy tashabbuslar davlat siyosati va qonunchilikda o‘z ifodasini topmoqda. Ammo qonun yoki farmon qabul qilinishi jarayonning yakuni emas. Aksincha, inson hayotida seziladigan natijani ta’minlashning yangi bosqichi shundan keyin boshlanadi.
Endigi masala — qabul qilingan qarorlar mazmunini har bir hududga, har bir mahallaga va eng muhimi, har bir ehtiyojmand insonga yetkazishdan iborat.
Ijtimoiy davlat g‘oyasi hujjatlarda qolib ketmasligi, u insonning kundalik hayotida sezilishi kerak. Manzilli yordam haqiqatan ham muhtoj oilaga yetib borsa, inklyuziv ta’lim bolaga yangi imkoniyat ochsa, olim byurokratiyadan xoli muhitda izlanish olib borsa, talaba munosib turar joyga ega bo‘lsa, uy-joy xaridorining mablag‘i himoya qilinsa — ana shunda islohotning haqiqiy samarasi namoyon bo‘ladi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 2025–2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi ijrosi bugungi bajarilgan ishlar sarhisobidan ko‘ra kengroq mazmunga ega. U davlat siyosatida inson manfaatiga qaratilgan yondashuvlarni yanada kuchaytirish, mavjud mexanizmlarni takomillashtirish va ularning natijadorligini oshirish uchun aniq vazifalarni belgilab bermoqda.
Siyosiy dasturning haqiqiy qiymati unda qancha band yozilgani bilan emas, uning qancha inson hayotida amaliy o‘zgarishga aylangani bilan o‘lchanadi.
Shuning uchun oldimizda turgan bugungi vazifa – g‘oyani qarorga, qarorni amalga, amalni esa inson manfaatiga xizmat qiladigan natijaga aylantirishdir.
Zero, xalqparvar siyosatning bosh mezoni ham, bosh maqsadi ham — inson farovonligini ta’minlashdir.
Abror Qurbonov,
O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari.
