«Mona Liza»ni portlatishga harakat qilishdi

20 mart, chorshanba kuni Luvr muzeyiga hujum tahdidi rejalashtirilayotgani boʻyicha Parij politsiyasiga shikoyat kelib tushdi. Bu haqda Fransiyaning «Le Figaro» nashri maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 17 mart kuni ertalab soat 04:00 lar atrofida yuborilgan xabarda nomaʼlum shaxslar Mona Liza va boshqa koʻplab durdonalarni portlatish niyatida ekani aytilgan.

«Biz «Mona Liza» va boshqa koʻplab durdona asarlarni portlatish niyatidamiz. Faqat ogohlantirish: 100 kg C4 bomba juda katta zarar keltiradi», deyiladi xatda.

Luvr muzeyiga xabar kelib tushganidan soʻng, Madaniyat vazirligi faol mudofaa va xavfsizlik xizmati navbatchilaridan muzeyda shubhali narsalarni qidirishni soʻralgan, biroq hech narsa topilmagan.

Maʼlumot uchun, bu Luvrga portlovchi moddalar bilan tahdid qilingan birinchi voqea emas. Oʻtgan yilning oktyabr oyida dunyoning eng koʻp tashrif buyuriladigan sayyohlik joylaridan biri boʻlgan mashhur Parij muzey va Versal saroyi bomba tahdidi tufayli evakuatsiya qilingan edi. Parij politsiyasi binolarni sinchkovlik bilan tekshirgan, ammo voqea joyida hech narsa topilmagan va ertasi kuni muzey qayta ochilgandi.

Mashhur rassom Leonardo da Vinchining durdona asari «Mona Liza» (Jokonada) esa soʻnggi 20 yil ichida vandalarning bir necha bor hujumiga uchragan. 2009 yilda bir sayyoh rasmga choy uloqtirib, oʻsha paytdagi oddiy qoplama oynani sindirib tashlagan, shundan soʻng rasm ustiga zirhli ekran oʻrnatilgan. 2022 yil may oyida zirhli oynaga boʻyoq surtilgan,joriy yil boshida esa ekofaol portretga shoʻrva uloqtirdi.

“Oskar”da yana bir nominasya

Dunyodagi eng nufuzli kino mukofoti – «Oskar» 2026 yilda yangi kategoriyaga ega bo‘ladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

So‘nggi yillarda kasting rejissyorlari kino sanoatining boshqa mutaxassislari, jumladan, ovoz muhandislari, kiyim dizaynerlari va bo‘yanish san’atkorlari bilan bir qatorda e’tirofga erishdilar.

Jumladan, «Eng yaxshi kasting» nominatsiyasini qo‘shish kampaniyasi boshlanganiga bir necha yil bo‘lgan. AFP bayonotiga ko‘ra, kaskadyorlar ham o‘zlarining «Oskar» mukofotiga nomzod bo‘lish uchun lobbi qilmoqda, biroq hozircha hech qanday natija yo‘q.

Kasting rejissyorlarining nominatsiyaga kiritilish sababi ular filmni yaratish jarayonida asosiy rol o‘ynaydi, aktyorlarni tanlash, ikkala A-list va yordamchi o‘yinchilarni yollash uchun mas’uldirlar.

Akademiya bosh direktori Bill Kramer va prezident Janet Yang qo‘shma bayonotda: «Kasting rejissyorlari kino ijodida muhim rol o‘ynaydi va Akademiya rivojlanib borayotgani sari biz tan olgan va nishonlaydigan fanlar qatoriga kastingni qo‘shganimizdan faxrlanamiz», deydi.

«Eng yaxshi kasting» haykalchasi taqdirlash marosimida topshiriladimi yoki yo‘qmi, aniq emas. Hozirda gala-tomosha davomida barcha 23 nominatsiya bo‘yicha mukofotlar jonli efirda topshirilmoqda.

Oxirgi marta «Oskar»ga 2002 yilda «Eng yaxshi animatsion film» nominatsiyasi qo‘shilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Oskar» mukofotining navbatdagi taqdirlash marosimi qachon o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.

Evropa Ittifoqi Polina Gagarinani “qora ro’yxat”ga kiritdi

Evropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarning 14-paketi doirasida rossiyalik qo’shiqchi Polina Gagarina, Shaman taxallusi bilan tanilgan qo’shiqchi Yaroslav Dronov va aktyor Ivan Oxlobistinni “qora ro’yxat”ga kiritdi. Bu haqda Evropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilgan hujjatda aytiladi.

Bundan tashqari, aktyor Vyacheslav Manucharov ham ro’yxatda kiritildi. Hujjatda qayd etilishicha, ushbu madaniyat arboblari Rossiya Qurolli kuchlarini qo’llab-quvvatlash tadbirlarida qatnashgan. Evropa Ittifoqi cheklovlari sinxron suzish bo’yicha uch karra Olimpiya chempioni Mariya Kiselevaga nisbatan ham joriy etildi, u ommaviy bayonotlarda Ukrainadagi urushni qo’llab-quvvatladi.

Eslatib o’tamiz, bugun, 24 iyun kuni EI 14-sanktsiya paketi doirasida Rossiyaning 116 jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan cheklovlarni kiritgandi. Hujjatga ko’ra, Evropa Ittifoqi hamjamiyatdan tashqari davlatlar, jumladan Qozog’iston, Qirg’iziston, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiyadan 61 firmaga nisbatan ikki tomonlama maqsadli tovarlar va texnologiyalar eksportiga cheklovlar joriy qilgan.

Men yanada ta’sirchan o’limni xohlagandim

«Taxtlar o’yini»da bosh qahramon kimligini so’rasangiz, muxlislar yo ikkiga bo’linadi yoki shunchaki javob bera olmaydi. Ijodkorlar ham bu borada ba’zi qiyinchiliklarga duch kelishdi.

Yakuniy mavsumga kelib, prodyuserlar har bir epizod uchun 1,2 million dollar olgan beshta etakchi aktyorni ajratishdi. Biroq ulardan faqat bittasi uchun gonorar daqiqasiga 69 ming dollarni tashkil qilgan.

Gap Emiliya Klark (Deyneris Tayrgarien), Piter Dinklaj (Tirion Lannister), Kit Harington (Jon Snou), Nikolay Koster-Valdau (Jeymi Lannister) va Lina Xidi (Sersey Lannister) haqida ketmoqda.

Ular orasida Lina Xidi butun boshli filmda atigi 25 daqiqa ekranda ko’ringan, bu esa uni suratga olish guruhi ichida eng ko’p gonorar olgan aktrisaga aylantirgan.

Qizig’i shundaki, Xidi shunday katta gonorarga qaramay filmda hafsalasi pir bo’lgan. Aktrisaning so’zlariga ko’ra, u o’z qahramoni uchun yanada qiziqarli va ta’sirchan o’limni xohlagandi.

Global ishsizlik va O‘zbekiston yoshlari

Ishsizlik muammosi nafaqat rivojlanayotgan, balki rivojlangan davlatlarda ham jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda 15-24 yoshdagi yoshlarda ishsizlik darajasi katta yoshli odamlar bilan solishtirganda uch baravar yuqori. XMT ekspertlari 2024 yilda global ishsizlik va ijtimoiy tengsizlik darajasi oshishini bashorat qilmoqda. Raqamlarga ko‘ra, ishsizlar armiyasi yana ikki million kishiga oshadi, bu esa global ishsizlik darajasini 5,2 foizga yetkazadi. 2023 yilda yuqori daromadli mamlakatlarda ishga talabgorlar ulushi 8,2 foizni, kam daromadli mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 20,5 foizni tashkil etgan. Ishsizlik inqirozlaridan aziyat chekayotgan asosiy qatlam odatdagidek yoshlar bo‘lib qolmoqda (manba: UN News).

Shunday murakkab sharoitda O‘zbekistonada yoshlardagi bandlik darajasini oshirish, ularning ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarini kafolatlash naqadar dolzarb ekanligini yaqqol his qilish mumkin. Mamlakatimiz mehnat bozoriga har yili o‘rtacha 600 ming nafar yangi yoshlar kirib kelmoqda va kelgusi o‘n yilda ushbu raqam bir millionga yetishi – bu hazil emas. Yoshlarga oid siyosatning eng ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgan bandlik chora-tadbirlarini ta’minlash juda jiddiy va puxta yondashuvni talab etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil “yoshlar balansi” bo‘yicha 925 ming yigit-qizning bandligini ta’minlash zarur. Kollej, texnikum va oliy o‘quv yurtlarini bitirgan 300 ming yoshni ishga joylashtirish, zamonaviy kasb-hunarlar va tadbirkorlikka jalb etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizini yoshlar uchun yo‘naltirish, o‘zini o‘zi band qilish orqali minglab yigit-qizlarga doimiy daromad manbaiga ega bo‘lish imkoniyatini yaratish, raqamli texnologiyalar sohasida “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasini hayotga tatbiq etish bugungi ustuvor vazifalar bo‘lib qolmoqda.

Yashirishning hojati yo‘q, ishsiz yoshlarning salmoqli qismi qishloq joylarda yashaydi. Qishloqlardagi mavjud infratuzilma, sanoatlashtirish jarayonining hali-hamon sustligi kabi ayrim omillar qatorida chekka hududlarda yashovchi aholi, shu jumladan, yoshlarning yetarli bilim va malakaga ega emasligi va natijada mehnat bozorida hukm surayotgan raqobatga dosh bera olmasligi mazkur holatning asosiy sababidir. Bu nima anglatadi? Demak, qishloqlarda eng avvalo ta’limni sifat bosqichiga chiqarishni jadallashtirish kerak.

Yana bir jihati, Prezident topshiriqqa asosan bu yil qishloq joylarda 600 ming 500 gektar yer yoshlar uchun ajratilishi belgilandi. Dehqonchilik qilib, daromad topaman, degan yoshlarni “O‘z kuningni o‘zing ko‘r” kabi tashlab qo‘ymay, balki har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mexanizmi o‘rnatiladi. Ya’ni, tuman hokimi yerni suv ta’minoti yaxshi joydan ajratishga mas’ul bo‘ladi. Har bir yoshga qancha maydon ajratish bo‘yicha “mahalla yettiligi” taklif beradi. Yer olgan yoshlar “Agrobank”ning “Fermerlar maktabi”da hosildor va eksportbop ekinlar yetishtirishga o‘qitiladi. Mini-texnika, urug‘ va ko‘chatlar sotib olishga “Yoshlar daftar” jamg‘armasi hamda Fermerlar jamg‘armasidan subsidiya ajratiladi. Dehqon yoshlar eksportchi va qayta ishlovchi tadbirkorlar kooperatsiya asosida biriktiriladi.

Agar bu mexanizm joylarda o‘zining amaliy tasdig‘ini to‘liq topsa, shubhasizki, yuzlab emas, minglab qishloq yoshlarining bandligi ta’minlanadi.

Farida MAHKAMOVA