AQSH sobiq rahbari va prezidentlikka nomzod Donald Tramp agar noyabrdagi saylovlarda mag‘lubiyatga uchrasa, nomzodini boshqa qo‘ymasligini aytdi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
«Full Measure» teleko‘rsatuvi boshlovchisi siyosatchiga tegishli savol bilan murojaat qilgan. Trampdan 2028-yilda prezidentlikka qaytishga yana bir bor urinib ko‘rishi ehtimoli so‘ralgan.
«Yo‘q. Menimcha, hammasi shu bilan tugaydi. Men yana nomzod sifatida o‘zimni umuman ko‘rmayapman. Umid qilamanki, bu safar biz muvaffaqiyatga erishamiz», – degan Tramp.
AQSH qonuniga ko‘ra, bir odam ikki muddatdan ortiq prezidentlik lavozimini egallashi mumkin emas. Shu uchun Tramp g‘alaba qozongan taqdirda ham 2028-yilda yana o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.